https://namspi.uz/uploads/00b5a0d3119066a82331a7dbbb629b62.jpg
Toshkent shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston ta’lim tizimini transformatsiya qilish va ta’lim sifatini oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda 20ga yaqin xorijiy ekspertlar ishtirok etishdi. Ular ta’lim tizimini global miqyosda takomillashtirish bo‘yicha o‘z tajribalari va fikrlarini taqdim etishdi.
Konferensiyada Namangan to‘qimachilik sanoati instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor Qurbanali Xoliqov ham qatnashib, institutning ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirayotgan loyihalari va kelgusi rejalarini muhokama qildi. Xorijiy ekspertlar va vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov bilan bo‘lib o‘tgan mazmunli muloqotlar davomida, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy yondashuvlar asosida transformatsiya qilish bo‘yicha qator innovatsion g‘oyalar ilgari surildi.
Mazkur tadbir ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.