https://namspi.uz/uploads/01ac0d9b5b990c6db0bc40a2a86729cf.jpg
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov Namangan to'qimachilik sanoati institutiga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida viloyat rahbari institutda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi va bir qator muhim masalalarni muhokama qildi.
Viloyat hokimi institutning zamonaviy talablar asosida jihozlangan laboratoriya va o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi. Ushbu laboratoriyalar va o'quv xonalari talabalarga nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etishda katta yordam beradi. Shavkatjon Abdurazakov dizayn fakulteti o‘qituvchilari bilan suhbatlashib, bir qancha takliflarni bildirdi.
Bundan tashqari, viloyat rahbari yangicha innovatsiyalar bilan ishlash bugungi kundagi dolzarb masala ekanini ta'kidladi. Institutda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va innovatsion yondashuvlarni qo‘llash, talabalarning raqobatbardoshligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Institut rektori institut pedagoglarining Turkiya va Xitoy davlatlarida malaka oshirib qaytishayotgani haqida ma'lumot berdi. Ushbu tajriba almashinuvi pedagoglarning o‘z sohasida yanada yuqori malakaga ega bo‘lishlariga, o‘z bilim va ko‘nikmalarini talabalarga samarali yetkazishlariga yordam beradi.
Institutda yana bir ahamiyatli an'ana shakllangan - har yili birinchi bosqich talabalari uchun o‘quv kiyimlari institutda tikilib, sovg‘a sifatida taqdim etiladi. Bu, talabalarga institutga bo‘lgan mehrini oshirish va ularning ta'lim olish jarayoniga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish maqsadida amalga oshiriladi.
Mazkur tashrif va muhokamalar institut faoliyatini yanada rivojlantirishga, talabalar va o‘qituvchilar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.