https://namspi.uz/uploads/0df4ca8fe0ef07e451fb54f4a476c336.jpg
Namangan to‘qimachilik sanoati instituti faoliyatining dastlabki kunidan viloyatdagi yirik ish beruvchi va yangi ish boshlagan korxonalar bilan faol hamkorlikni amalga oshirib kelmoqda. Korxonalar zamonaviy jihozlar yordamida mahsulot ishlab chiqarilayotganligiga qaramasdan, ularda yangi assortimentdagi, import o‘rnini bosuvchi hamda eksportbop mahsulotlar ulushini oshirish borasida ilmiy yondashuvga va muammolar yechimining ilmiy asoslariga ehtiyoj ortib boraveradi.
Institut olimlari, tadqiqotchilari, magistrant va doktorantlarining bugungi kundagi faoliyati aynan shunday masalalarni hal etishga qaratilgani e’tiborga molik. Xususan, halqa tukli matolardan sochiq va kundalik ehtiyoj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Nam Towel korxonasida tayanch doktorant Muslim Abdujabborov ilmiy rahbarlari t.f.n. dos. Raxim Karimov va t.f.d. dos. Dilbar Aliyevalar maslahati bilan eksportbop sochiq mahsulotlari ishlab chiqarishda texnologik parametrlarni rostlash, yangi o‘rilish turlarini joriy etish orqali mahsulot sifatini oshirish, uning iste’mol xossalarini yaxshilash bilan bir qatorda mahsulot talabini buzmagan holda xomashyoni tejash orqali korxona uchun iqtisodiy samaradorlikka erishish borasida ilmiy tadqiqot ishini yakunlamoqda.
Tadqiqot ishi korxona talabi bilan xo‘jalik shartnomasi asosida bajarilayotganligi ahamiyatlidir. Institut rektori Qurbanali Xoliqov, prorektor Zokirjon Erkinov va mutasaddilar korxonada doktorantning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.