https://namspi.uz/uploads/22c6582da2b1b2602ff8d64d7c30ee7a.jpg
11-iyunda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Qatarning Oʻzbekistondagi elchisi Hamza Hasanni qabul qildi. Uchrashuvda tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni muhokama qildilar.
Qatar elchisi Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning Oʻzbekistonga 2023-yilda amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim” imzolaganini katta yutuq sifatida qayd etdi. Tomonlar mazkur bitim bandlarini amalga oshirish maqsadida ikki davlat oliy ta’lim va fan vazirliklari tomonidan masʼul shaxslarni belgilab olishga kelishdilar.
Muloqot davomida Qatar tadqiqot, rivojlanish va innovatsiyalar kengashi (QRDI) bilan hamkorlikni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish va ikki mamlakat yoshlariga oʻzaro taʼlim grantlari ajratish boʻyicha qator takliflarni ko‘rib chiqdilar.
Suhbat so‘ngida Qatar tomoni vazir Q. Sharipovni Qatar oliy taʼlim va ilm-fani bilan yaqindan tanishish va yangi oʻzaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish uchun ushbu mamlakatga taklif etdi.