https://namspi.uz/uploads/d5f986a35f03c8bd6e82468d1ac5407a.jpg
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov «Creative Associates International» prezidenti Leland Kruvantni qabul qildi.
Uchrashuvda “Creative Associates International” tashkiloti vakillari tomonidan O‘zbekistondagi faoliyati va amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berilib, kelgusida hamkorlikda inklyuziv ta’lim sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, L.Kruvant “Barcha bolalar muvaffaqiyatli” loyihasi AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi USAID tomonidan moliyalashtirilib, “Creative Associates International” tashkiloti tomonidan amalga oshirib kelinayotgani hamda mazkur loyihaning konsepsiyasi mamlakatda inklyuziv ta’lim ehtiyojlari chuqur o‘rganilib, ilmiy tahlil etilganidan so‘ng mahalliy kontekstga mos ravishda ishlab chiqilishini ma’lum qildi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, mazkur loyihani amalga oshirish natijasida o‘quv-metodik materiallar inklyuziya va asosiy ko‘nikmalarni rivojlantirish asosida tahlil qilinib, takomillashtiriladi.
Shuningdek, inklyuziv ta’lim sohasidagi mutaxassislarning oliy o‘quv yurtidan oldingi va keyingi malaka oshirish tizimini takomillashtirishga erishiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusida hamkorlikda mamlakatimizda inklyuziv ta’lim sifatini yanada oshirishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga kelishib oldilar.