PROFESSIONAL VA OLIY TA’LIMDA KESKIN O‘ZGARISH QILISH VAZIFASI QO‘YILDI





Prezident raisligida ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi. Davlatimiz rahbari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatiga ham e’tiroz bildirdi.

Professional ta’lim uchun mas’ul idoralar ko‘payib ketgani uchun tizim rivojlanmayapti. Ish beruvchilar va texnikumlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.

Oliy ta’limda qamrov keskin oshdi, sohaga xususiy sektor kirib keldi. Lekin sifatga yetarli e’tibor qaratilmayapti.

Masalan, talabalarning mustaqil ishlashi uchun muhit barcha oliygohlarda ham birdek namunali tashkil etilmagan. Aksariyat kollej va texnikumlar ham, oliygohlar ham ish beruvchilar talabi bilan hisoblashmaydi. Ayrimlarida darslik va adabiyotlar yetishmaydi, bori ham bugungi talablarga javob bermaydi. 

Ilm-fan va innovatsiyalarga yetti yilda 6 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Lekin ilm-fanda “xarajat – tadqiqot – mahsulot” degan formula ishlamayotgani qayd etildi.

Umuman, ayrim rektorlarda tashabbus, intilish, fidoyilik yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar bo‘yicha yangi vazir tayinlanib, uning oldiga professional va oliy ta’limda keskin o‘zgarish qilish vazifasi qo‘yildi.

O‘tgan yilgi 380 ming maktab bitiruvchisidan 180 mingi ta’limni kollej, texnikum yoki oliygohda davom ettirmoqda. Qolgan 200 ming nafari mehnat bozoriga kirib kelmoqda. 

Dual ta’lim bilan 234 ta profta’lim muassasasida barcha o‘quvchilar ham qamrab olinmagan. Vazirliklar o‘zlariga tegishli kollej va texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash tizimli ishga qo‘yilishi, ulardagi quvvatlar 100 foizga ishlatilishi kerak.

Qurilish vazirligida 13 ta, Suv xo‘jaligi vazirligida 9 ta, Veterinariya qo‘mitasidagi 5 ta kollej va texnikumda malakali amaliyotchi ustalarni ko‘paytirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.
Shu kabi kamchiliklar oliy ta’limda ham mavjud. Masalan, bakalavriatda o‘nlab yo‘nalishlar mehnat bozori talablariga javob bermaydi. 

Ko‘p oliygohlar kredit-modulga o‘tdi, lekin talabaning qobiliyatini yuzaga chiqaradigan tizim yaratish zarur.

Joriy yilda 122 ta yangi yirik loyihalar boshlanadi. Bu – yaqin yillarda murakkab texnologiyada ishlay oladigan 10 ming muhandis va texnologlar kerak, degani. 

Lekin, oliygohlarda bunday mutaxassislarni tayyorlash 20 foizdan oshmayapti. 

Bu borada “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini ham faollashtirish lozim.  Xorijga ketgan talabalarning bor-yo‘g‘i 9 foizi muhandislik yoki texnologiyalar yo‘nalishida ekani qayd etildi.

Kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydigan tizim yaratiladi

O‘tgan yili Davlat test markazi Bilim va malakalarni baholash agentligi sifatida qayta tashkil etildi. Lekin, agentlik haligacha abituriyentlarni imtihon qilish bilan cheklanmoqda.

Shu bois, professional va oliy ta’limda kasbiy ko‘nikmalarni belgilash va ularni baholash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinadi.

Umuman, ish beruvchilarda katta ehtiyoj, talabalarda salohiyat va xohish bor. Shuning uchun kollej-texnikumlar va oliygohlarni ish beruvchilar bilan uzviy bog‘laydigan tizim yaratiladi.

Endilikda Loyiha ofisi rahbari bir vaqtning o‘zida Kasbiy bilim va malakalarni rivojlantirish respublika kengashiga rahbar bo‘ladi. Bandlik vazirligi tizimidagi Mehnat tadqiqotlari instituti ham Loyiha ofisiga biriktiriladi.

Ular Oliy ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2024-yilda o‘zimizda zamonaviy konstruktor, texnolog, arxitektor, muhandis, energetik kabi ehtiyoj yuqori kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan muhit olib kirishga mas’ul bo‘ladi.
 

Mutasaddilarga 1-maygacha talab yuqori 100 ta kasbni tanlab, Germaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniya tajribasi asosida kasb standartlarini ishlab chiqish topshirildi.

Bunda kasbga talab ish beruvchi ehtiyojiga moslashadi. Ish beruvchilarning vakillari ta’lim muassasasida joylashishi uchun juda katta imkoniyatlar yaratiladi. 

Ular bilan har bir oliygoh, texnikum va kollejda texnopark, laboratoriya va amaliy monomarkazlar tashkil etish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. 


# # # # # # #

Talabalar amaliyotni tashkil etilayotgan yangi korxonalarda ko‘proq o‘tkazishi lozimligi ta’kidlandi.

Texnikumlarda o‘qitishning yangi tizimi joriy etiladi

Yangi o‘quv yilidan boshlab texnikumlarda o‘qitish “Akademik” va “Ishchi kasb” ta’lim komponentlarining uzviyligini ta’minlaydigan yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bunda:

- kollej-texnikumning 1-2 kursidagi ta’lim dasturlari, darsliklari, bilimni baholash mezonlari va muallimlarga talablar oliygohlar bilan bir xil bo‘ladi;

- texnikumlarda ham “kredit tizimi” joriy qilinib, fanni o‘zlashtirish bo‘yicha to‘plangan “kreditlar” oliygohlarda tan olinadigan tizim bo‘ladi.

Ya’ni, kollej-texnikumda ikki yil davomida yetarli “kredit” to‘plagan o‘quvchilar “2+2” yoki “2+3” dasturlari asosida oliygohlarning ikkinchi yoki uchinchi kurslarida ta’limni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Kollej-texnikumda o‘qib, faoliyatini ishlab chiqarishda davom ettirmoqchi bo‘lganlarni sohadagi mavqeini oshirish bo‘yicha ham yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Endi, kollej-texnikumda “ishchi kasb” yo‘nalishida o‘qiganlar ikki yoki uch yil ishlab, tajriba orttirganidan keyin, imtihon topshirib, “bakalavr”ga teng malaka darajasini olishi mumkin.

Yig‘ilishda 50 ming kollej-texnikum o‘quvchisini dual ta’lim bilan qamrab olishni tashkil qilish topshirildi.

Bu ishlar, avvalo, to‘qimachilik, qurilish va qurilish materiallari, eltexsanoat, mashinasozlik yo‘nalishlarida boshlanadi.

Bundan buyon bilim va malakani baholash jarayonlari bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlarga o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim vazirligiga bakalavr yo‘nalishlarini yiriklashtirish hisobiga ularning sonini 40 foizga qisqartirish, ushbu yo‘nalishlardagi ta’lim dasturlarini TOP-300 ga kirgan oliygohlar dasturi asosida yangilash topshirildi.

Aniq va fundamental fanlar bo‘yicha ilg‘or darsliklarni xorijiy tillardan bosqichma-bosqich tarjima qilish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

OTMlarning maqomini belgilash bo‘yicha aniq mezonlar ishlab chiqiladi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga 116 ta oliygohni o‘rganib, ularni yiriklashtirish dasturini ishlab chiqish, ularga “milliy”, “davlat” universiteti, akademiya yoki institut maqomini berishning aniq mezonlarini belgilash topshirildi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi Prezident Administratsiyasi huzuriga o‘tkazilishi va xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi.

Endi jamg‘arma hisobidan yoshlarni chet elga o‘qishga yuborishda malakali va sifatli injener hamda texnologlar tayyorlashga ustuvorlik beriladi.

 

Manba: https://edu.uz/