Tadqiqotchilar Korxonada O‘z O‘rniga Ega Bo‘lmoqda





   Ishlab chiqarishga innovatsion yechimlarni joriy etish, yangi assortimentdagi raqobatbardosh mahsulotlarni tayyorlash orqali ichki va tashqi bozor hududlarini kengaytirish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Namangan To‘qimachilik Sanoati Instituti tayanch doktoranti O‘g‘iloy Turdiyeva charm mahsulotlari turini kengaytirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida izlanishlar olib bormoqda.

  Uning tadqiqotlarini olib borayotgan "Botir Muhammad Ali" MChJ korxonasi faoliyati bilan tanishish, korxona raxbari tomonidan yaratilgan sharoitlar hamda raxbarlar fikrlarini bilish maqsadida, institut rektori Qurbonali Xoliqov, prorektor Zokirjon Erkinov va mutasaddilar ishlab chiqarish korxonasiga tashrif buyurdilar.

 


# # # # #

   Korxona ish yurituvchisi Baxtiyor Xusanov, tadqiqotchining ishlari korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini ko‘paytirish bilan birga ishchilar mehnat sharoitini yaxshilashga va soddalashtirishga qaratilganligini alohida ta’kidlab, bunday mutahasislarni tayyorlashda korxonalar bilan hamkorlik katta samara berayotganligini aytdi.

   Shuningdek, u institut bilan hamkorlikni kengaytirish borasida o‘z fikrlarini bildirdi. Jumladan, institut qoshida korhona bilan hamkorlikda Spin Off korxonasini tashkil etish orqali yangi ishlanmalarni kengaytirish hamda joriy etish ikki tomonga ham manfaatli ekanini bildirib, bu borada tezda ishlarni tashkil etishga kelishildi.

   Bu tashabbus orqali yangi innovatsion ishlanmalar ishlab chiqarishga tatbiq etilishi va ilmiy kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati yaratiladi. Institut va korxonalar o‘rtasidagi bunday hamkorlik kelajakda yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.