OLIY TA’LIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRI QO‘NG‘IROTBOY SHARIPOV V.I.ROMANOVSKIY NOMIDAGI MATEMATIKA INSTITUTI DIREKTORI AKADEMIK SHAVKAT AYUPOV BILAN UCHRASHUV O‘TKAZDI.





Bugun, 14-mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori akademik Shavkat Ayupov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida oliy ta’lim muassasalari va Matematika instituti o‘rtasida uzviylikni ta’minlash borasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mazkur yo‘nalishdagi darslik va o‘quv qo‘llanmalarni birgalikda tayyorlash taklif etilib, bu borada amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. 

Shuningdek, Sh.Ayupov  Ilg‘or muhandislik maktabi uchun yoshlarni saralashda Matematika instituti hamkorlik  qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bunda yoshlarning muhandislikka bor iqtidorini matematika masalalari orqali aniqlaydigan olimpiadalar orqali saralash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.    

Shu bilan birga, o‘quvchi va talabalarni Yoshlar akademiyasiga biriktirish, akademiyani Matematika instituti bilan integratsiyalash masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi. Suhbat yakunida vazir Shavkat Ayupovga Yoshlar akademiyasining faxriy a’zoligi nishonini topshirdi.