https://namspi.uz/uploads/592939dc9ec1dae68f266196e5f4f007.jpg
2 mart kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov “Uygʻun taʼlim” ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasi taqdimoti bilan tanishdi. Loyiha muallifi, iqtisodchi-olim Qobiljon Isayev Oʻzbekistonda istiqomat qilib kelayotgan alohida eʼtiborga muhtoj insonlarni davlat va jamiyat turli sohalariga integratsiya qilish, taʼlim tizimining milliy kontentdagi zamonaviy veb-arxitekturasini shakllantirish boʻyicha fikrlarini bayon qildi.
Shuningdek, loyihada maktabgacha, maktab va oliy taʼlim tashkilotlari faoliyatining kasb va ijtimoiy hayotga tayyorlash yoʻnalishlarini bosqichma-bosqich uygʻunlashtirish masalasiga batafsil eʼtibor berilgan boʻlib, alohida eʼtiborga muhtoj insonlar va jamiyat oʻrtasidagi sogʻlom korporativ muhit va taʼlimdagi tenglikni taʼminlash gʻoyasi ilgari surilgan.
Ijtimoiy fikrlar koridorini yaratish hamda taʼlim oluvchilarning zamonaviy kasblarga nisbatan kompetensiyalarini seleksiya qilish masalalarini hal etish davlat tilidagi sifatli taʼlim tizmi va taʼlim oluvchilarning tenglik korporativ madaniyatini yaratish nuqtayi nazaridan dolzarb hisoblanadi.
Vazir taqdimot natijalariga koʻra mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berib, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqishda alohida taʼlim ehtiyojlariga ega fuqarolar uchun taʼlimda sharoitlar yaratish masalalariga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Surdo-vizual materiallar tayyorlash, Brayl alifbosida kitoblar nashr qilish ishlarini jadallashtirish, bunda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish boʻyicha topshiriq berdi.
Manba: Axborot xizmati. https://edu.uz/uz/news/view/6522#gsc.tab=0